Prezident qaroriga muvofiq, 2020-2021 yillar isitish mavsumidan boshlab markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun iste’molchilar bilan hisob-kitoblar isitish davrining har bir kuniga 1 kv.m. isitiladigan maydon hisobida to‘lash tizimiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

– iste’molchilar uchun issiqlik ta’minoti xizmatlariga tariflarni shakllantirish va belgilashda ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirish hamda issiqlik ta’minoti tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni qisqartirish hisobiga issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilish xarajatlari hisobga olinadi, shuningdek, ko‘rsatilayotgan xizmatlar tannarxini qoplash mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutiladi;

– aholi uchun issiqlik energiyasi va issiq suvga pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida ko‘riladigan zararlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari hisobidan qoplanadi.

Bundan tashqari, resurs tejovchi zamonaviy texnologiyalarni, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlarida issiqlik energiyasi va issiq suvni ishlab chiqarish hamda iste’mol qilishni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni inobatga olgan holda, markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimi bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkaziladi.

Manba: uznews.uz