Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʼtgan davr mobaynida respublikada issiqlik taʼminoti tizimini yaxshilash hamda aholini issiqlik energiyasi va issiq suv bilan taʼminlash darajasini oshirish boʼyicha muayyan ishlar amalga oshirildi.

Аmaliy chora-tadbirlar doirasida issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish holati kompleks oʼrganildi va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish boʼyicha zamonaviy texnologiyalar sinovdan oʼtkazildi.

Shu bilan birga, respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning hozirgi bosqichi issiqlik taʼminoti tizimini kompleks modernizatsiya qilish va energiya tejovchi zamonaviy texnologiyalar asosida uning texnik darajasini oshirish zarurligini taqozo etmoqda.

Issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, resurslarni tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, aholini issiqlik energiyasi hamda issiq suv bilan taʼminlash sifati va darajasini yaxshilash chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “2018-2022 yillarda issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish dasturi toʼgʼrisida”gi PQ–2912-son qaroriga muvofiq isteʼmolchilarga issiqlik energiyasi uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlash va uning sifatini oshirish, ishlab chiqarish jarayoniga innovatsion va resurs tejovchi texnologiyalarni, shuningdek, ushbu sohadagi boshqaruvning samarali bozor mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan 2018-2022 yillarda issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda;

Jahon banki ishtirokida markaziy qozonxonalar, isitish tizimlari hamda tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruktsiya qilishni, uylar va kvartiralar ichki issiqlik taʼminoti tizimlarini yopiq issiqlik taʼminoti tizimiga oʼtkazgan holda tiklashni nazarda tutuvchi umumiy qiymati 220,7 million АQSh dollari boʼlgan “Аndijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent (TTs-8) shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimini rekonstruktsiya qilish va energiya samaradorligini oshirish” loyihasi amalga oshirilmoqda;

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan birgalikda issiqlik manbalarining isitish uskunalarini kogeneratsion gaz turbinasi texnologiyasini joriy etgan holda rekonstruktsiya qilishni, shuningdek, magistral va taqsimlovchi issiqlik tarmoqlarini almashtirishni nazarda tutuvchi hisob-kitob qiymati 780,4 million АQSh dollari boʼlgan “Buxoro, Fargʼona, Quvasoy, Nukus va Urganch shaharlarida markaziy qozonxonalarni modernizatsiya va rekonstruktsiya qilish” loyihasini amalga oshirish masalasi koʼrib chiqilmoqda.

2. Shunday tartib oʼrnatilsinki, unga muvofiq:

a) 2020-2021 yillar isitish mavsumidan boshlab markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblar isitish davrining har bir kuniga 1 kvadrat metr isitiladigan maydon hisobida toʼlash tizimiga oʼtkaziladi;

b) 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

isteʼmolchilar uchun issiqlik taʼminoti xizmatlariga tariflarni shakllantirish va belgilashda ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirish hamda issiqlik taʼminoti tarmoqlaridagi yoʼqotishlarni qisqartirish hisobiga issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilish xarajatlari hisobga olinadi, shuningdek, koʼrsatilayotgan xizmatlar tannarxini qoplash mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutiladi;

aholi uchun issiqlik energiyasi va issiq suvga pasaytirilgan tariflarni qoʼllash natijasida koʼriladigan zararlar Qoraqalpogʼiston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari hisobidan qoplanadi.

Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

Qoraqalpogʼiston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining 2020 yilgi parametrlarini shakllantirishda aholi uchun issiqlik energiyasi va issiq suvga pasaytirilgan tariflarni qoʼllash natijasida koʼriladigan zararlarni qoplash uchun 1-ilovaga muvofiq zarur mablagʼlarni nazarda tutsin;

issiqlik taʼminoti sohasiga ajratilayotgan byudjet mablagʼlarining maqsadli va oqilona ishlatilishini taʼminlash yuzasidan Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʼyicha birinchi oʼrinbosarlari tomonidan tegishli yil uchun tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi boʼyicha choralar koʼrsin.

3. Belgilansinki, issiqlik taʼminoti xizmatlarini koʼrsatish sohasida:

a) Oʼzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish vazirligi Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda quyidagilar uchun javobgardir:

issiqlik taʼminoti korxonalari tomonidan xizmatlar tuziladigan shartnomalarga muvofiq koʼrsatilishini, shuningdek, isteʼmolchilarga issiqlik energiyasi va issiq suv uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlash;

issiqlik energiyasi va issiq suv uchun toʼlovlarning kvartiralar ichki hisobga olish uskunalari koʼrsatkichlari, isteʼmolning normativ hajmlari va kvartiraning isitiladigan maydoni oʼlchami asosida oʼz vaqtida va toʼliq undirilishini taʼminlashni, shuningdek, isteʼmolchilarning qarzdorligi kamaytirilishini nazorat qilish;

issiqlik taʼminoti korxonalari tomonidan koʼrsatiladigan xizmatlar hajmlari haqidagi hisobot va axborotlar, debitor va kreditor qarzdorlik toʼgʼrisidagi maʼlumotlarning haqqoniyligi, shuningdek, issiqlik energiyasi hamda issiq suvni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;

issiqlik taʼminoti tizimi obʼektlarining holati, foydalanilishi va ularga taʼmirlash xizmati koʼrsatilishi ustidan nazoratni taʼminlash;

issiqlik energiyasi va issiq suvni hisobga olish uskunalarining almashtirilishi va oʼrnatilishini, shuningdek, issiqlik taʼminoti korxonalari tomonidan ularning plombalanishini tashkil etish;

issiqlik energiyasi va issiq suvdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;

b) Toshkent shahar hokimligi ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan tadbirlarning Toshkent shahrida amalga oshirilishi uchun javobgardir.

4. Oʼzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:

Oʼzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish vazirligining markaziy apparati tuzilmasida Issiqlik taʼminoti tizimlaridan foydalanish boshqarmasini tugatgan holda, issiqlik taʼminoti tizimlarini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilish, shuningdek, ularning obʼektlaridan ishonchli va samarali foydalanishni taʼminlash uchun masʼul boʼlgan Issiqlik taʼminoti tizimlarini kompleks rivojlantirish boshqarmasi hamda Issiqlik taʼminoti tizimlarini saqlash va ulardan foydalanish boshqarmasini tashkil etish;

resurs tejovchi zamonaviy texnologiyalarni, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlarida issiqlik energiyasi va issiq suvni ishlab chiqarish hamda isteʼmol qilishni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni inobatga olgan holda, markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimini 2019-2024 yillarda bosqichma-bosqich yopiq tizimga oʼtkazish;

aholiga issiqlik energiyasi va issiq suvni issiqlik taʼminoti korxonalari, isteʼmolchilar va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki professional boshqaruv kompaniyalari oʼrtasida tuziladigan uch tomonlama shartnomalar asosida, koʼp kvartirali uylar bevosita mulkdorlar tomonidan boshqarilgan taqdirda esa ikki tomonlama shartnomalar asosida yetkazib berish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish toʼgʼrisidagi takliflari qabul qilinsin.

Belgilansinki, ushbu bandning ikkinchi xatboshisida koʼrsatilgan yangidan tashkil etilayotgan boshqarmalarning shtat birliklari soni Oʼzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish vazirligi tizimi boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʼlash fondi doirasida shakllantiriladi.

5. Oʼzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish vazirligi tomonidan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2019-2022 yillarda respublikaning issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirishga qaratilgan qoʼshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish boʼyicha “Yoʼl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga ushbu bandda nazarda tutilgan “Yoʼl xaritasi”ga kiritilgan chora-tadbirlarni oʼz vaqtida, toʼliq va sifatli amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

7. Respublikaning issiqlik taʼminoti tizimini isloh qilishga koʼmaklashish boʼyicha ishchi guruh 4-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va unga quyidagi vazifalar yuklatilsin:

issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va yetkazish sarf-xarajatlarini kamaytirish, magistral va uylarning ichki issiqlik taʼminoti tarmoqlarida mavjud yoʼqotishlarni qisqartirish boʼyicha amaliy chora-tadbirlarni tashkil etish;

issiqlik taʼminoti sohasiga zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv usullari, jumladan, issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, taqsimlash hamda uning isteʼmolini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi faol joriy etilishini taʼminlash;

issiqlik taʼminoti sohasida davlat tarif siyosatini takomillashtirish, shuningdek, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish boʼyicha har tomonlama tahlil oʼtkazish va takliflar ishlab chiqish;

issiqlik taʼminoti sohasidagi istiqbolli investitsiya loyihalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tayyorlash, koʼrib chiqish va amalga oshirishga koʼmaklashish;

“Yoʼl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʼz vaqtida, toʼliq va sifatli amalga oshirilishini tizimli monitoring qilish;

mazkur qarorda nazarda tutilgan vazifalar amalga oshirilishining holati toʼgʼrisida har chorakda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish.

Ishchi guruh (B.А.Xoʼjaev) bir oy muddatda mazkur qarorning ijrosini taʼminlash boʼyicha batafsil amaliy tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etsin.

8. Oʼzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:

a) Moliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish vazirligi bilan birgalikda 2020-2022 yillarda Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda 5 va 5a–5n-ilovalarga muvofiq hududlarning issiqlik taʼminoti tizimlarini rivojlantirish boʼyicha manzilli dasturlarga kiritilgan, ushbu yillarga rejalashtirilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun byudjet mablagʼlarini nazarda tutsin;

b) Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish vazirligi, Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

issiqlikni saqlovchi, shu jumladan, penopoliuretandan tayyorlangan polimer izolyatsiyali va himoya qobigʼiga oʼralgan, kanalsiz yotqizish imkonini beruvchi quvurlar, shuningdek, individual issiqlik punktlari va ularning butlovchi buyumlarini ishlab chiqarish sohasida sanoat tarmoqlari oʼrtasidagi oʼzaro kooperatsiyani kengaytirish boʼyicha mavjud salohiyatni oʼrgansin;

mavjud xomashyo resurslarini inobatga olgan holda, mahalliylashtirilishi lozim boʼlgan, issiqlik taʼminoti sohasida foydalaniladigan mahsulotlar roʼyxatini shakllantirsin hamda 2020-2022 yillarda ularni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va quvvatlarini kengaytirish boʼyicha chora-tadbirlar dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Oʼzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish vazirligi Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:

2020-2021 yillarda 5 va 5a–5n-ilovalarga muvofiq hududlarning issiqlik taʼminoti tizimlarini rivojlantirish boʼyicha manzilli dasturlarga kiritilgan istiqbolli loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish choralarini koʼrsin;

ushbu loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilishiga qarab, ularni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʼlarini jalb qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin.

10. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 2020/2021 oʼquv yilidan boshlab:

Toshkent davlat texnika universitetida (Toshkent qurilish-kommunal kasb-hunar kolleji negizida) – issiqlik taʼminoti sohasida talab yuqori boʼlgan mutaxassislarni (issiqlik texnikasi muhandisi, muhandis-metrolog, energiya auditi muhandisi, muhandis-iqtisodchi) tizimli oʼqitish va tayyorlashni;

sohaga oid taʼlim muassasalarida – zamonaviy va innovatsion oʼqitish usullarini qoʼllagan holda, issiqlik taʼminoti obʼektlarini loyihalashtirish, qurish, boshqarish va ulardan foydalanish sohasida mutaxassislarni kasbga qayta tayyorlash boʼyicha doimiy ishlaydigan qisqa muddatli (3 oydan 12 oygacha) kurslarni tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Oʼzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʼzgartirish va qoʼshimchalar toʼgʼrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasining Bosh vaziri А.N.Аripov va Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.А.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

Oʼzbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 2 dekabrь